Yoshlar uchun tibbiyot olamiga sayohat
Yoshlar uchun tibbiyot olamiga sayohat: “Ochiq eshiklar kuni”da yangi bilimlar va ilhom
“Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot institutida navbatdagi muhim va ijtimoiy ahamiyatga molik tadbir — “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etildi. Tadbirda Farg‘ona shahridagi “Ideal” maktabining iqtidorli va ilmga chanqoq o‘quvchilari ishtirok etishdi.
Mazkur tashrifning asosiy maqsadi — yosh avlod vakillarini sog‘liqni saqlash va tibbiyot sohasidagi zamonaviy yutuqlar, innovatsion o‘quv-laboratoriya bazalari hamda oliy tibbiy ta’lim tizimi bilan yaqindan tanishtirishdan iborat bo‘ldi. O‘quvchilar institut binolari, amaliyotga yo‘naltirilgan laboratoriyalar, anatomiya xonalari, zamonaviy simulyatsion o‘quv markazlari va interaktiv darslar uchun mo‘ljallangan auditoriyalar bilan tanishishdi. Har bir tashrif nuqtasida ularga institut faoliyati, o‘quv jarayoni va mavjud texnik imkoniyatlar haqida keng qamrovli axborot berildi.
Tadbir doirasida institutning professor-o‘qituvchilari o‘quvchilar bilan ochiq muloqot olib borishdi. Muloqot chog‘ida ularga tibbiyot fanining zamonaviy yo‘nalishlari, oliy tibbiy ta’lim muassasasiga kirish tartibi, tanlov asosida o‘qishga qabul qilish mezonlari hamda talabalik davridagi hayot tarzi haqida atroflicha tushunchalar berildi. Shuningdek, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, tibbiy kasblarning jamiyatdagi o‘rni, ijtimoiy mas’uliyati va kasbiy mahorat muhim jihatlari ham muhokama qilindi.
Tadbir yakunida maktab o‘quvchilari institutda yaratilgan ilg‘or infratuzilma, ilmiy-amaliy muhit va o‘quv-tarbiya jarayonining innovatsion yondoshuvlar asosida tashkil etilganligiga yuqori baho berishdi. Ularning fikricha, bunday tashriflar nafaqat tibbiyot sohasi bilan yaqindan tanishish, balki kasb tanlashda to‘g‘ri yo‘l tutishga ham xizmat qiladi.
Mazkur tashrif yoshlarning tibbiyot sohasiga bo‘lgan qiziqishini orttiribgina qolmay, ularning kelajakda ushbu sohada faoliyat yuritish istagini mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.