Xalqaro xamkorlik
Fargʻona jamoat salomatligi tibbiyot institutiga tashrif buyurgan Xitoy Xalq Respublikasining professor-oʻqituvchilari va talabalardan iborat delegatsiya (Dazhou Vocational and Technical College hamda Jingkeming Education Technology (Chongqing) Co., Ltd. vakillari) Farg‘ona viloyatidagi Rishton tibbiyot texnikumi hamda mashhur Rishton kulolchilik markazlari faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Tashrif doirasida mehmonlarga Rishton tibbiyot texnikumining o‘quv jarayoni, amaliy mashg‘ulot xonalari, laboratoriyalar, zamonaviy o‘quv-uslubiy va moddiy-texnika bazasi haqida batafsil ma’lumot berildi. Delegatsiya a’zolari talabalarning kasbiy ko‘nikmalarini shakllantirishga yo‘naltirilgan amaliy mashg‘ulotlar jarayonini kuzatib, o‘qitish tizimi va ta’lim standarti bilan qiziqdilar.

Shuningdek, Xitoylik mehmonlar Rishton kulolchilik markaziga tashrif buyurib, milliy hunarmandchilik an’analari, sirli ko‘k chinnilar tayyorlash texnologiyasi, bezak va naqsh ishlash jarayonlari bilan tanishdilar. Ular Rishton kulollik maktabining tarixiy ildizlari va bugungi kundagi ijodiy salohiyatiga yuqori baho berdilar.

Delegatsiya a’zolari o‘z taassurotlarini izhor etar ekan, O‘zbekistonning boy madaniy merosi, xalq hunarmandchiligi an’analari va tibbiy ta’lim tizimining yuksak saviyada yo‘lga qo‘yilganini alohida ta’kidladilar. Mazkur tashrif Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi nafaqat ta’lim va ilmiy sohada, balki madaniy-gumanitar yo‘nalishlarda ham hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.



Русский
English