Virtual qabulxona

+998 95 044-23-45 +998 95 048-23-45

info@fjsti.uz fmioz@mail.ru

ish vaqti:

Dush-Shan,9:00-17:00

Yangiliklar

Bosh sahifa

Yangiliklar

Tibbiy qasamyod-2025

Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot institutida birinchi bosqich talabalari uchun shifokorlik qasamyodini qabul qilish marosimi Islom Karimov nomidagi San’at saroyida tantanali tarzda o‘tkazildi. Ushbu marosim tibbiyot ta’limining bosqichma-bosqich shakllanishi jarayonida talabalarning kelajakdagi kasbiy faoliyatiga tayyorgarligini mustahkamlashga qaratilgan muhim pedagogik-tarbiyaviy tadbir hisoblanadi.

Tadbir instituti rektori, professor Akmal Sidikovning kirish so‘zi bilan boshlandi. Nutq davomida rektor shifokorlik kasbining mazmun-mohiyati, tibbiyot xodimining jamiyat oldidagi mas’uliyati hamda talabalardan talab etiladigan kasbiy kompetensiyalar haqida atroflicha fikr bildirdi. U shifokorlik qasamyodi talabalarning tibbiy jamiyatga rasman kirib kelishining ramziy bosqichi ekanini ta’kidlab, bilimga chanqoqlik, professional mas’uliyat, halollik va bemor manfaatini ustuvor qo‘yish kabi yuksak qadriyatlarning ahamiyatiga urg‘u berdi.

Marosimning asosiy qismi talabalarning shifokorlik qasamyodini tantanali ravishda o‘qib eshittirishi bilan davom etdi. Mazkur qasamyod talabalarning kelajakdagi kasbiy faoliyatida etik me’yorlarga rioya qilish, inson salomatligiga mas’uliyatli munosabatda bo‘lish va uzluksiz o‘qib-o‘rganish tamoyillariga sodiqligini aks ettiradi. Ushbu jarayon tibbiy ta’limning dastlabki bosqichidan boshlab talabalarda kasbiy o‘zlikni anglashni shakllantirishning muhim pedagogik vositasidir.

Tadbirda institut rahbariyati, fakultet dekanlari, professor-o‘qituvchilar, ota-onalar hamda soha mutaxassislari ishtirok etishdi. Mehmonlar shifokorlik qasamyodining ahamiyatini yuksak baholab, talabalarga tahsil va amaliyot jarayonidagi mas’uliyatli bosqichlarda muvaffaqiyatlar tiladilar.

Shifokorlik qasamyodi marosimining ikkinchi qismi madaniy-ma’rifiy dastur bilan boyitildi. Sahnada talabalar ijodiy chiqishlari, musiqiy kompozitsiyalar va badiiy ko‘rinishlar namoyish etildi. Ushbu dastur talabalarning ijtimoiy faolligini kuchaytirish hamda ularni ma’naviy-ruhiy qo‘llab-quvvatlashni maqsad qilgan edi.

Tadbir doirasida institutning ilmiy-pedagogik faoliyatiga katta hissa qo‘shgan professor-o‘qituvchilar alohida taqdirlandi. Ularga “O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash a’lochi” ko‘krak nishoni topshirildi. Shuningdek, o‘qishdagi yutuqlari va institut hayotidagi faolligi bilan ajralib turgan talabalarga diplomlar, faxriy yorliqlar, esdalik sovg‘alari va pul mukofotlari uchun maxsus sertifikatlar taqdim etildi.