Innovatsiya, ta’lim va tibbiyot uchun hamkorlik

Fargʻona jamoat salomatligi tibbiyot institutida Xitoy Xalq Respublikasining Dazhou Vocational and Technical College hamda Jingkeming Education Technology (Chongqing) Co., Ltd. vakillaridan iborat delegatsiya tashrifi bo‘lib o‘tdi. Mazkur tashrif xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, ta’lim sifati va ilmiy salohiyatni oshirish, shuningdek, an’anaviy hamda zamonaviy tibbiyot yo‘nalishlarida o‘zaro tajriba almashish maqsadida tashkil etildi.
Tashrif doirasida delegatsiya tarkibidagi professor-o‘qituvchilar institutning talabalari bilan uchrashib, akademik mobillik dasturi doirasida ma’ruza va seminar mashg‘ulotlarini o‘tkazdilar. Mazkur mashg‘ulotlarda xitoylik mutaxassislar an’anaviy Xitoy tibbiyotining diagnostika prinsiplari, o‘simlik asosidagi dorivor preparatlar, akupunktura, reabilitatsion tibbiyot va fizioterapiya usullari haqida ilmiy asoslangan ma’lumotlar taqdim etdilar.

Professorlar amaliy mashg‘ulotlar davomida Xitoyda keng qo‘llaniladigan massaj terapiyasi, fitoterapiya, muvozanatni tiklash mashqlari hamda energiya nuqtalariga ta’sir ko‘rsatish metodlarini namoyish etishdi. Talabalar ushbu mashg‘ulotlarda faol ishtirok etib, turli davolash va reabilitatsiya usullarining ilmiy asoslari bilan yaqindan tanishdilar.
Tashrif jarayonida tomonlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar, o‘quv dasturlarini modernizatsiya qilish hamda o‘qituvchilar va talabalar almashinuv dasturlarini rivojlantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Shuningdek, kelajakda qo‘shma o‘quv laboratoriyalari tashkil etish, xalqaro konferensiyalar o‘tkazish va innovatsion ta’lim texnologiyalarini tatbiq etish bo‘yicha ham kelishuvga erishildi.
Delegatsiya a’zolari institutning ilmiy-tadqiqot markazlari, o‘quv laboratoriyalari, simulyatsion tibbiy texnologiyalar markazi hamda klinik bazalari faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Ular institutning moddiy-texnik bazasi, xalqaro standartlarga mos o‘quv jarayoni va zamonaviy tibbiy kadrlar tayyorlashdagi yondashuvlarini yuqori baholadilar.
Xitoy delegatsiyasining ushbu tashrifi Fargʻona jamoat salomatligi tibbiyot instituti va Xitoy oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida mustahkam ilmiy-pedagogik aloqalar o‘rnatish, hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish va tibbiyot sohasida xalqaro integratsiyani chuqurlashtirish yo‘lida muhim qadamlardan biri bo‘ldi. Ushbu tashrif ikki xalq o‘rtasida ta’lim, fan va madaniyat sohalaridagi do‘stona aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Xalqaro tashrif-Xalqaro xamkorlik

Русский
English
