Zakovat-2025
"Zakovat" intellektual o‘yini: Rektor kubogi yakunlari – tafakkur va bilim sinovining tantanasi
To‘rt oydan ziyod davom etgan aql va zakovat bahslari yakuniga yetdi. Oliy ta’lim muassasamizda an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Zakovat” intellektual o‘yini bo‘yicha Rektor kubogi musobaqasi final bosqich bilan nihoyalandi. Mazkur intellektual marafon nafaqat bilimlar sinovi, balki tafakkur, tezkorlik va strategik fikrlashning yorqin namunasiga aylandi.
Musobaqa davomida 20 dan ortiq jamoa tarkibida 150 nafardan ziyod iqtidorli talabalar o‘zaro bilim va aql sinovida bahslashishdi. O‘yinning har bir bosqichi ishtirokchilardan mantiqiy fikrlash, muammoga kreativ yondashuv, tezkor qaror qabul qilish va jamoaviy muvofiqlik ko‘nikmalarini talab qildi.
Ushbu jarayon, o‘z navbatida, raqobatbardosh tafakkurga ega yoshlarni aniqlash va ularni rag‘batlantirish, intellektual salohiyatni yuzaga chiqarish hamda oliygohda sog‘lom ilmiy muhitni shakllantirishga xizmat qildi.
Yakuniy bosqichda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan eng bilimdon jamoalar faxrli o‘rinlar bilan taqdirlanib, rektor kubogi hamda esdalik sovg‘alari bilan mukofotlandi. Bu g‘alaba – nafaqat ilmiy yutuq, balki jamoaviy birdamlik va do‘stlik timsoli sifatida tarixda qoladi.
Intellektual salohiyatni yuksaltirishga qaratilgan bunday tashabbuslar, albatta, kelajak yetakchilarini shakllantirishda muhim o‘rin tutadi.