USMLE
Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti Davolash ishi fakultetining 1-, 2- va 3-bosqich talabalari uchun USMLE dasturi asosida birinchi saralash bosqichi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbirning asosiy maqsadi — talabalarni xalqaro tibbiy imtihonlarga puxta tayyorlash, klinik fikrlashni mustahkamlash hamda bilim va ko‘nikmalarni amaliy tarzda sinovdan o‘tkazishdan iborat bo‘ldi. Saralash bosqichida Alfa, MEdUnion, Steptakers va Passers jamoalari o‘zaro bellashdi. Bellashuv jarayonida ishtirokchilar USMLE formatiga mos savollar hamda turli klinik vaziyatlar asosida tayyorlangan topshiriqlarni yechib, tezkor va aniq qaror qabul qilish, mantiqiy tahlil qilish hamda jamoaviy ishlash ko‘nikmalarini namoyish etdilar. Musobaqa qiziqarli va raqobatga boy ruhda o‘tib, talabalar uchun motivatsion va tajriba almashish imkonini yaratdi.

Tadbir yakunida barcha ishtirokchilarga esdalik sovg‘alari topshirildi. G‘olib jamoa esa USMLE dasturi asosida to‘liq kursda bepul ta’lim olish imkonini beruvchi voucherlar bilan taqdirlandi. Bu sovrin g‘olib jamoaning bilimga bo‘lgan intilishi va musobaqadagi faol ishtiroki uchun munosib rag‘bat bo‘ldi.

Shuningdek, g‘olib jamoa institut miqyosida o‘tkaziladigan keyingi bosqichda qatnashish uchun yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Mazkur saralash bosqichi talabalar uchun xalqaro standartlarga mos tayyorgarlik yo‘nalishida muhim qadam bo‘lib, kelgusida yanada yirik va mas’uliyatli bosqichlarga tayyorlanishda katta tajriba berdi.


Русский
English