Virtual qabulxona

+998 95 044-23-45 +998 95 048-23-45

info@fjsti.uz fmioz@mail.ru

ish vaqti:

Dush-Shan,9:00-17:00

Yangiliklar

Bosh sahifa

Yangiliklar

Prezident Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan muloqoti

Ko‘ksaroyda yoshlar masalalari bo‘yicha keng muloqot o‘tkazildi

Ko‘ksaroy qarorgohida Prezident Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar hamda Toshkent shahridagi studiyalar orqali ulangan holda 60 mingdan ortiq yoshlar vakillari qatnashdi. Prezident yig‘ilganlarni qutlab, mamlakatdagi 22 milliondan ziyod yoshlar katta iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy salohiyat ekani, shu bois ular bilan ishlash har bir rahbarning doimiy vazifasiga aylanishi kerakligini ta’kidladi. Vazirlar, hokimlar, ta’lim muassasalari rahbarlari va mas’ullar yoshlarni chet tillari hamda kasb-hunarga o‘qitish, sportga jalb etish, g‘oya va startaplarini qo‘llab-quvvatlash, eng muhimi — ularni ishli va daromadli qilish yo‘lida yanada tizimli harakat qilishi zarurligi qayd etildi. Hech bir yigit-qiz e’tibordan chetda qolmasligi lozimligi uqtirildi.


Ilm, ta’lim, startap va sportdagi natijalar

Uchrashuvda yoshlarning so‘nggi yillardagi yutuqlari sanab o‘tildi. Jumladan, jahon fan olimpiadalarida 66 ta oltin, 147 ta kumush, 221 ta bronza medal qo‘lga kiritilgani aytildi. Shuningdek, Garvard, Yel, Prinston, Kolumbiya, Kornell kabi nufuzli universitetlarda o‘qiyotganlar 500 nafardan, dunyoning TOP-100 oliygohlarida tahsil olayotganlar 3,5 ming nafardan oshgani keltirildi. Startap yo‘nalishida yoshlar yaratgan 63 ta loyiha AQSh, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya va BAA bozorlarida o‘z o‘rnini topgani ta’kidlandi. Sport sohasida esa yoshlar xalqaro maydonlarda 720 ta oltin, 671 ta kumush, 854 ta bronza medalni qo‘lga kiritgani, yosh tadbirkorlar bugun mamlakat biznesining 35 foizi atrofini tashkil etayotgani qayd etildi. Shu yutuqlar fonida O‘zbekiston “Yoshlar taraqqiyoti global indeksi”da tez sur’atda o‘sayotgan davlat sifatida e’tirof etilgani ham eslatildi. Joriy yilda Toshkentda “Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati” bosh qarorgohi tashkil etilishi, Samarqandda Yoshlar parlamenti a’zolarining 12-global konferensiyasi, “Take Off” xalqaro startap sammiti hamda 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi o‘tkazilishi rejalari e’lon qilindi.

Prezident har yili 600 ming yosh mehnat bozoriga kirib kelayotgani, 2030-yilga borib bu ko‘rsatkich 1 millionga yetishi mumkinligini aytib, yoshlar uchun qiziqishi va imkoniyatiga mos ish topishga sharoit yaratish masalasi eng muhim vazifalardan biri ekanini ko‘rsatdi. So‘rovnomalar natijasiga ko‘ra, yoshlarning qariyb uchdan biri tadbirkor bo‘lish istagini bildirgani aytildi. Shu yo‘nalishda o‘tgan yili banklar va Yoshlar ishlari agentligiga yoshlar bandligini qo‘llash uchun 400 million dollar yo‘naltirilgani, “Yoshlar biznesi” va “Kelajakka qadam” dasturlari orqali 15 ming yosh tadbirkorlikni boshlagani hamda 50 ming ta ish o‘rni yaratilgani ta’kidlandi. Bu ishlarni davom ettirish uchun yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashga qo‘shimcha 200 million dollar ajratilishi e’lon qilindi.

Kredit va moliyalashtirish imkoniyatlari kengaytiriladi

Yangi choralar doirasida: o‘zini o‘zi band qilgan yoshlar uchun kredit limiti 100 mln so‘mdan 300 mln so‘mgacha oshirilishi, yosh tadbirkorlar loyihalari uchun 10 mlrd so‘mgacha kredit ajratish imkoniyati, innovatsion startaplar uchun 100 ming dollargacha investitsiya kiritishga ruxsat berilishi, shuningdek, servis va umumiy ovqatlanish sohasida 1000 dan ortiq ish o‘rni yaratgan mahalliy brendlardan franshiza olib filial ochmoqchi bo‘lgan yoshlarga qulay moliyalashtirish paketlari joriy etilishi bildirildi.

Bundan tashqari, “Kelajak tadbirkori” dasturi ishga tushirilishi, yosh tadbirkorlarga 7 yilgacha 15 foizli kredit ajratish mexanizmi yo‘lga qo‘yilishi aytildi. Unda: o‘zini o‘zi band qilganlarga garovsiz 20 mln so‘mgacha, ​biznes boshlayotganlarga 300 mln so‘mgacha, kengaytirmoqchi bo‘lganlarga 2 mlrd so‘mgacha, ​kamida 5 nafar bitiruvchini ishga olgan tadbirkorlarga 10 mlrd so‘mgacha kredit berish ko‘zda tutilgani qayd etildi.

Tadbirkorlikka endi kirayotgan yoshlarning bir qismi ko‘nikma yetishmasligi sabab qiyinchilikka duch kelayotgani aytilib, shu bois har bir hududda “Yoshlar biznes inkubatori” tashkil etilishi ma’lum qilindi. U yerda g‘oyani biznesga aylantirish, buxgalteriya, bank xizmatlari, marketing, ichki va tashqi bozorga chiqish bo‘yicha kompleks yordam ko‘rsatilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, nufuzli xorijiy oliygohlar tajribasi asosida kamida 40 ming yoshni tadbirkorlikka o‘rgatishga qaratilgan “Yangi avlod tadbirkorlari” dasturi boshlanishi aytildi. Dastur yakunida eng yaxshi 1000 nafar yoshning loyihasiga uch yil muddatga 200 mln so‘mgacha 7 foizli ssuda ajratilishi belgilandi. Har yili “Yosh tadbirkorlar” tanlovi o‘tkazilib, eng yaxshi 100 ta loyihani brendga aylantirish uchun “Yoshlar venchurs” jamg‘armasidan 1 mlrd so‘mgacha mablag‘ berilishi ham qayd etildi. 1-martdan yangi ish boshlayotgan yosh tadbirkorlarga infratuzilmaga ulanish bo‘yicha davlat xizmatlari xarajatlari Yoshlar tadbirkorligi jamg‘armasi hisobidan qoplanishi aytildi. Endi har bir oliy ta‘lim rektorlari, o‘z oliygoh bitiruvchilarini ish bilan ta‘minlashi va bitiruvchilar bilan muloqotlar olib borishi ham ta’kidlab o‘tildi.

Ijtimoiy loyihalar, texnikumlar va til o‘rganish bo‘yicha yangiliklar

 “Fikringni ber (Voice Up)” inklyuziv oromgohi tajribasi har bir hududda o‘tkazilishi, 1 ming nafar yosh qamrab olinishi, eng yaxshi tashabbuslar ishtirokida Samarqandda xalqaro inklyuziv oromgoh tashkil etish vazifasi belgilandi. “Upshift” loyihasi doirasida media, dizayn, hunarmandchilik, ishlab chiqarish va innovatsiya yo‘nalishlarida tanlov o‘tkazilib, eng yaxshi 40 ta startapni moliyalashtirish uchun 2 mlrd so‘m ajratilishi aytildi. Texnikumlarda dasturlarni ish beruvchilar talabi asosida yangilash, dual ta’limni kengaytirish va baza mustahkamlash vazifalari qo‘yildi. Texnikumlarga “spin-off” ochishga ruxsat berilib, o‘quvchilarning startaplariga 1 mlrd so‘mgacha ajratish, texnikum o‘quvchilari uchun “Work and travel” asosida 6 oy xorijda ishlab daromad topish hamda yo‘lkira uchun ssuda berish rejalari bildirildi. 
Xorijiy til sertifikati olgan yoshlar 600 mingdan oshgani, xorijiy tillarni yaxshi biladigan 72 ming instruktor shakllangani, xususiy o‘quv markazlari soni 3 karra ko‘payib 38 mingdan oshgani ta’kidlandi. Chekka hududlardagi o‘quv markazlarini qo‘llash, soliq yengilliklari, foizsiz ssudalar va ehtiyojmand oilalar farzandlarini bepul o‘qitadigan markazlarga qo‘shimcha imtiyozlar berish bo‘yicha ham aniq mexanizmlar aytib o‘tildi. 

Volontyorlik, yosh oilalar va kitobxonlik

Volontyorlar soni 5 karra oshgani, turli yo‘nalishlarda volontyor yoshlar 100 mingdan oshgani aytildi. Volontyorlikni rivojlantirish bo‘yicha Vasiylik kengashi tuzish, “Volontyorlikni qo‘llab-quvvatlash” jamg‘armasini tashkil etish, grantlar hamda “ijtimoiy faollik kartasi” orqali ball tizimini joriy etish rejalari ma’lum qilindi. Yosh oilalar uchun ipoteka dasturida kredit stavkasining 14 foizdan oshgan qismi budjetdan qoplab berilishi aytildi. Kitobxonlikni oshirish maqsadida “Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish” jamg‘armasi orqali yozuvchilarga ijodiy buyurtmalar, tarjima va nashr xarajatlarini qoplash, maktab va texnikumlarga eng yaxshi asarlar to‘plamini yetkazish, faol kitobxonlarni rag‘batlantirish hamda “book cafe” va kitob do‘konlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha takliflar bildirildi.

“Ikkinchi imkon” loyihasi

Jazoni ijro etish muassasalaridan qaytgan yoshlarni jamiyatga moslashtirish uchun “Ikkinchi imkon” loyihasi boshlanishi ma’lum qilindi. Dastur doirasida 8–12 oylik intensiv kurslarda dasturlash, veb-dizayn, kompyuter muhandisligi, boshqa kasblar va xorijiy tillar o‘qitilib, daromadli ish topishiga sharoit yaratish ko‘zda tutilgan.

Uchrashuv yakunida Prezident yoshlar bilan bevosita muloqot qilib, turli sohalarga oid taklif va tashabbuslarni tingladi.