Virtual qabulxona

+998 95 044-23-45 +998 95 048-23-45

info@fjsti.uz fmioz@mail.ru

ish vaqti:

Dush-Shan,9:00-17:00

Yangiliklar

Bosh sahifa

Yangiliklar

O‘zbekiston iftixorlari

Davolash ishi fakulteti talabalari ishtirokida “Sizlar bizning faxrimiz – Farg‘onamiz iftixorlari” shiori ostida mamlakatimizning taniqli paraolimpiya sportchilari bilan samimiy va ilhomlantiruvchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbirning asosiy maqsadi talaba-yoshlarni sog‘lom turmush tarziga keng jalb etish, sportga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirish, g‘alabaga intilish va qat’iyat kabi fazilatlarni targ‘ib qilish, shuningdek, vatanparvarlik tuyg‘usini yanada mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.

Uchrashuvda “Parij–2024” yozgi Paraolimpiya o‘yinlari chempioni Yorkinjon Odilov, shuningdek, paraolimpiya chempionlari Zumradxon Maxmudova va Ro‘zimuhammad Odilov ishtirok etdi. Mehmonlar talabalarga sport yo‘lidagi ilk qadamlaridan boshlab, yuksak natijalarga erishishgacha bo‘lgan jarayon, mashg‘ulotlarning kundalik tartibi, musobaqalarga tayyorgarlikdagi ruhiy va jismoniy sinovlar hamda g‘alaba ortida turgan mehnat va sabr-toqat haqida batafsil so‘zlab berdilar.

Sportchilar o‘z hayotiy tajribalaridan kelib chiqib, har bir yutuq ortida intizom, maqsadga sodiqlik va tinimsiz harakat mujassam ekanini ta’kidlashdi. Ular talabalarga qiyinchiliklardan cho‘chimay, har qanday vaziyatda o‘z ustida ishlash, imkoniyatlarni to‘g‘ri baholash va ishonch bilan oldinga intilish zarurligi haqida motivatsion fikrlar bildirdilar. Shuningdek, Paraolimpiya o‘yinlarida yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘tarish sharafi, xalq ishonchi va mas’uliyati, xalqaro maydondagi raqobat muhiti haqida ham qiziqarli ma’lumotlar berildi.

Tadbir davomida talabalar tomonidan ko‘plab savollar berilib, sportchilar ularga ochiq va samimiy tarzda javob qaytardilar. Xususan, muvaffaqiyatga erishish omillari, sportdagi motivatsiya, irodani chiniqtirish, stress va bosimni yengish, vaqtni to‘g‘ri rejalashtirish hamda sog‘liqni asrash borasida muhim tavsiyalar berildi. Uchrashuv talabalarda sportga, sog‘lom turmush tarziga va o‘z oldiga ulkan maqsadlar qo‘yishga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirdi.

Mazkur uchrashuv yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, milliy qadriyatlarga hurmat tuyg‘usini mustahkamlash, jamiyatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik hissini kuchaytirish hamda talabalarning o‘z kasbiga bo‘lgan mas’uliyatini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etdi. Tadbir yakunida mehmonlarga samimiy minnatdorlik bildirildi va kelgusida ham bunday ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlarni davom ettirish lozimligi ta’kidlandi.