Virtual qabulxona

+998 95 044-23-45 +998 95 048-23-45

info@fjsti.uz fmioz@mail.ru

ish vaqti:

Dush-Shan,9:00-17:00

Yangiliklar

Bosh sahifa

Yangiliklar

Oʻzbekiston tibbiy taʼlimi xalqaro maydonda yetakchilikni qoʻlga kiritdi

Hindistonning Tibbiyot fanlari milliy imtihonlar kengashi (NBEMS) tomonidan Hindistonning tibbiyot sohasidagi eng muhim litsenziyalash imtihonlaridan biri hisoblangan Foreign Medical Graduate Examination (FMGE)ning 2025-yil natijalari eʼlon qilindi. Unga koʻra, tibbiyot sohasi boʻyicha chet ellik talabalarni tayyorlaydigan davlatlar orasida Oʻzbekiston 40,37 foizlik muvaffaqiyat koʻrsatkichi bilan dunyoda toʻrtinchi, MDH va Janubiy-Sharqiy Osiyo davlatlari oʻrtasida birinchi oʻrinni egalladi. Hindiston fuqarolari tibbiy diplom olgan xorijiy mamlakatlar orasida Oʻzbekiston yetakchilikni qoʻlga kiritdi.
 
 
Oʻzbekiston nafaqat imtihonni muvaffaqiyatli topshirish foizi, balki chet ellik talabalar soni boʻyicha ham yuqori koʻrsatkichlarni namoyish etmoqda. Bu raqamlar mamlakatimiz tibbiyot taʼlimi tizimida soʻnggi yillarda amalga oshirilgan keng koʻlamli islohotlarning amaliy samarasini koʻrsatuvchi muhim indikator hisoblanadi.
 
FMGE oʻzi nima?
FMGE bu Hindiston fuqarolari xorijiy davlatlarda tibbiyot boʻyicha oliy maʼlumot olgach, oʻz yurtida shifokor sifatida ishlash huquqini qoʻlga kiritish uchun topshiradigan davlat imtihonidir.
Masalan, Hindistonlik talaba Oʻzbekiston, Rossiya, Qozogʻiston, Xitoy yoki boshqa davlatda tibbiyot sohasida tahsil olsa, diplomni olganidan keyin Hindistonga qaytib ishlash uchun mazkur imtihondan oʻtishi shart. Imtihondan oʻta olmagan bitiruvchi shifokorlik faoliyati bilan shugʻullana olmaydi.
Shu sababli FMGE natijalari muayyan universitet yoki mamlakatdagi tibbiy taʼlim sifati haqida muhim tasavvur beradi. Qaysi mamlakat bitiruvchilari imtihondan koʻproq oʻtayotgan boʻlsa, oʻsha yerdagi taʼlim sifati ham yuqori deb baholanadi.
 
Nega bu muhim?
Hozirgi kunda minglab hindistonlik talabalar tibbiyot sohasida taʼlim olish uchun xorijiy davlatlarni tanlamoqda. Ular orasida Oʻzbekiston ham bor.
Shuning uchun har yili eʼlon qilinadigan FMGE natijalari abituriyentlar, ularning ota-onalari, taʼlim agentliklari va universitetlar tomonidan diqqat bilan kuzatiladi.
Oʻzbekistonning yuqori oʻrinlarni egallashi mamlakatimiz tibbiyot taʼlimi xalqaro raqobat muhitida munosib natija koʻrsatayotganini anglatadi. Bu esa kelgusida xorijiy talabalar oqimining yanada ortishiga xizmat qilishi mumkin.
 
Bu natija qanday omillar hisobiga qoʻlga kiritildi?
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda tibbiyot taʼlimi tizimi tubdan yangilanmoqda. Avvalo, tibbiyot universitetlarida taʼlim dasturlari xalqaro standartlarga moslashtirildi, zamonaviy infratuzilma, yetakchi tibbiyot muassasalarida klinik bazalar tashkil etildi, zamonaviy oʻqitish usullari, simulyatsion markazlar, raqamli taʼlim texnologiyalari va elektron taʼlim platformalari joriy qilindi.
Ikkinchidan, xorijiy professorlar va mutaxassislarni jalb qilish amaliyoti kengaydi. Talabalarning nazariy bilimlari bilan bir qatorda amaliy koʻnikmalarini shakllantirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Uchinchidan, universitetlarning xalqaro hamkorligi kengaydi. Qoʻshma taʼlim dasturlari, akademik almashinuvlar va xalqaro akkreditatsiya jarayonlari taʼlim sifati oshishiga xizmat qildi.
Natijada Oʻzbekiston tibbiyot oliygohlari nafaqat milliy, balki xalqaro mehnat bozori talablariga ham javob bera oladigan mutaxassislar tayyorlash imkoniyatiga ega boʻlmoqda.
 
Tibbiyot institutlarining natijasi nima uchun eʼtiborli?
FMGE–2025 natijalarida MDH hamda Janubiy-Sharqiy Osiyo davlatlari tibbiyot oligohlari oʻrtasida  Oʻzbekiston  eng yuqori natija – 40,37 foizlik koʻrsatkichni qayd etdi.
Bu raqam har ikki nafar bitiruvchidan qariyb biri Hindistonning murakkab litsenziyalash imtihonidan muvaffaqiyatli oʻtganini anglatadi.
Ushbu koʻrsatkich tibbiyot universitetlarimizda olib borilayotgan taʼlim sifati, klinik tayyorgarlik darajasi va xalqaro standartlarga muvofiq tashkil etilgan oʻquv jarayonining samaradorligini tasdiqlaydi. Dunyoning oʻnlab mamlakatlaridan kelgan  chet ellik talabalar uchun sifatli taʼlim olish, klinik kompetensiyalarni rivojlantirish va xalqaro professional imtihonlarga muvaffaqiyatli tayyorgarlik koʻrish uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Bitiruvchilarning xalqaro imtihonlardagi muvaffaqiyatlari amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligini muhim koʻrsatkichi boʻlib, Oʻzbekiston tibbiy taʼlimining xalqaro maydondagi obroʻsining oʻsib borayotganidan dalolat beradi.
 
Oʻzbekiston uchun bu qanday imkoniyatlar yaratadi?
Bugungi kunda dunyoda taʼlim sohasi ham katta iqtisodiy tarmoqqa aylangan. Xorijiy talabalarni jalb qilayotgan mamlakatlar nafaqat taʼlim xizmatlari eksportini rivojlantirmoqda, balki oʻzlarining xalqaro nufuzini ham oshirmoqda.
FMGE natijalari Oʻzbekistonning taʼlim brendini mustahkamlash uchun muhim asos boʻlib xizmat qiladi. Birinchidan, mamlakatimiz tibbiyot universitetlariga boʻlgan ishonch ortadi. Ikkinchidan, xorijiy talabalar soni koʻpayishi mumkin. Uchinchidan, universitetlarning xalqaro reytinglardagi pozitsiyalarini yaxshilash uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratiladi. Toʻrtinchidan, tibbiyot taʼlimi sohasida xalqaro hamkorlik yanada kengayadi.
 
Shunday qilib...
Foreign Medical Graduate Examination (FMGE) – 2025 natijalari Oʻzbekiston tibbiyot taʼlimi tizimi uchun muhim xalqaro eʼtirof boʻldi. Oʻzbekistonning PMQ davlatlari orasida birinchi oʻrinni egallashi va Toshkent davlat tibbiyot universiteti bitiruvchilarining yuqori natija qayd etishi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan taʼlim islohotlarining amaliy samarasini koʻrsatmoqda. 
Eng muhimi, mazkur natijalar Oʻzbekiston tibbiyot oliygohlarining xalqaro raqobat maydonida munosib oʻrin egallayotganini, milliy tibbiyot taʼlimi sifati bosqichma-bosqich jahon standartlariga yaqinlashayotganini hamda mamlakatimiz kelajakda mintaqadagi yetakchi tibbiyot taʼlimi markazlaridan biriga aylanish uchun mustahkam asos yaratilganini tasdiqlaydi.