Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot institutida yangi ko‘p tarmoqli Smart AI-klinika

Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot institutining yangi ko‘p tarmoqli klinikasining ochilishiga bag‘ishlangan tantanali tadbir o‘tkazildi. Tadbir davomida yangi klinikaning funksional imkoniyatlari, bemorlar hamda tibbiyot xodimlari uchun yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar keng yoritildi.
Ta’kidlanganidek, mazkur Smart AI-shifoxonada bemorlarning dastlabki murojaatidan boshlab to to‘liq davolanishigacha bo‘lgan barcha bosqichlar to‘liq raqamlashtirildi. Xususan, bemor klinikaga kelganidan so‘ng infokiosklar orqali mustaqil ravishda, inson omilisiz ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati yaratildi. Keyingi bosqichda esa bemorlar hamshiralar tomonidan raqamli monitoring tizimi asosida individual marshrut bo‘yicha tegishli bo‘limlarga yo‘naltirildi.

Mazkur tizim “raqamli bemor yo‘li” konsepsiyasiga asoslandi va tibbiy xizmat ko‘rsatishning tezligi, izchilligi hamda aniqligi sezilarli darajada oshirildi. Klinikada tashxis qo‘yish jarayoni ko‘p bosqichli analitik model asosida tashkil etildi. Dastlab davolovchi shifokorning klinik xulosasi shakllantirildi, so‘ngra bemorning barcha laborator va instrumental tekshiruv natijalari sun’iy intellekt tizimiga uzatildi.
Ushbu tizim 5 ta mustaqil AI-shifokor modulidan tarkib topdi. Har bir modul turli algoritmik yondashuvlar asosida tahlil olib borishga moslashtirildi. Yakuniy tashxis esa sun’iy intellektning konsensus modeli orqali shakllantirildi. Mazkur yondashuv dalillarga asoslangan tibbiyot tamoyillarining klinik amaliyotga chuqur integratsiya qilinishini ta’minladi.

AI-shifokor tizimi laborator tahlillar, radiologik tasvirlar, klinik belgilar hamda boshqa tibbiy ma’lumotlarni kompleks ravishda tahlil qilishga yo‘naltirildi. Natijada shifokor tashxisining aniqligi oshirildi, differensial tashxis doirasi kengaytirildi hamda optimal davolash strategiyasini tanlash imkoniyati kuchaytirildi. Shu bilan birga, diagnostik xatoliklar kamaytirildi, klinik qaror qabul qilish sifati yaxshilandi va individuallashtirilgan davolash modeli joriy etildi.

Shuningdek, smart shifoxona bazasida Italiya bilan xalqaro hamkorlik doirasida oliy hamshiralik ishi yo‘nalishi talabalari uchun innovatsion o‘quv-amaliy markaz tashkil etildi. Ushbu markazda hamshiralik faoliyatida klinik qaror qabul qilish, bemor parvarishi algoritmlarini qo‘llash, simulyatsion treninglarni amalga oshirish hamda raqamli monitoring tizimlari bilan ishlash ko‘nikmalarini shakllantirishga alohida e’tibor qaratildi.

Ta’lim jarayoni Yevropa standartlari asosida ishlab chiqildi hamda dual ta’lim modeli asosida yo‘lga qo‘yildi. Bunda talabalar nazariy bilimlarni klinik muhitdagi amaliy faoliyat bilan integratsiyalashgan holda o‘zlashtirish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Natijada yangi avlod hamshiralarini tayyorlashga xizmat qiladigan zamonaviy, innovatsion va amaliyotga yo‘naltirilgan ta’lim muhiti shakllantirildi.

Русский
English