“Zulfiyaxonim izdoshlari”

Oliygohimizda “Zulfiyaxonim izdoshlari” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy ruhdagi balli qizlar tanlovi yuqori saviyada tashkil etildi. Mazkur tadbir Davolash ishi fakulteti talabalari tashabbusi bilan o‘tkazilib, unda bilimli, faol, ijodkor va tashabbuskor qizlar o‘z iste’dod hamda mahoratlarini namoyon etdilar.
Tadbirning asosiy maqsadi — talaba-qizlarning ijodiy salohiyati, nutq madaniyati, sahna madaniyati, ma’naviy dunyoqarashi va jamoat ishlaridagi faolligini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, ularni milliy qadriyatlarimizga sadoqat ruhida tarbiyalashdan iborat bo‘ldi.

Tanlov “Zulfiyaxonim izdoshlari” deb nomlangani bejiz emas. O‘zbek adabiyotining zabardast shoirasi Zulfiya ijodi o‘zida nafosat, matonat, sadoqat, mehr, Vatanga muhabbat, ayol qalbining nozik kechinmalari va yuksak ma’naviyatni mujassam etadi. Uning she’rlarida aks etgan ayol obrazi — bu nafaqat nazokat timsoli, balki irodali, ma’rifatli, fidoyi va jamiyat ravnaqiga hissa qo‘shadigan shaxs obrazidir. Tanlov ishtirokchilari aynan ana shu yuksak fazilatlarni o‘z chiqishlarida ifoda etishga intildilar.
Tanlov davomida ishtirokchilar turli yo‘nalishlarda chiqish qilib, tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdilar. Jumladan:
-
she’riy chiqishlar orqali ular Zulfiya ijodiga xos tuyg‘ular — mehr, sog‘inch, ilhom, go‘zallik va hayotga muhabbatni his etib, badiiy ifoda bilan yetkazdilar;
-
sahna ko‘rinishlari orqali qizlarning ijodkorligi, topqirligi va jamoa bilan ishlash ko‘nikmalari namoyon bo‘ldi;
-
musiqiy dasturlar esa tadbirga o‘zgacha ruh, ko‘tarinki kayfiyat va estetik zavq bag‘ishladi.
Ayniqsa, ishtirokchilarning sahnadagi o‘zini tutishi, fikrini ravon ifodalashi, milliy qadriyatlar va ayol ma’naviyatiga oid qarashlarni teran yoritib berishi hakamlar hay’ati va tomoshabinlar tomonidan munosib baholandi. Har bir chiqishda Zulfiya ijodining ruhi, ya’ni go‘zallikni ulug‘lash, ezgulikni targ‘ib etish va yoshlarni komillikka chorlash g‘oyalari sezilib turdi.

Tanlov yakunida alohida faol qatnashgan, yuqori natijalar ko‘rsatgan va o‘z chiqishlari bilan barchaning e’tiborini qozongan qizlar tashakkurnoma hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar. Bu e’tirof ularning kelgusidagi faoliyati va ijodiy izlanishlari uchun yana-da katta rag‘bat bo‘ldi.
“Zulfiyaxonim izdoshlari” tadbiri talaba-qizlarga nafaqat o‘z iste’dodlarini namoyish etish imkonini berdi, balki ularda ijodkorlik, ma’naviy yetuklik, o‘ziga ishonch, milliy adabiyotga hurmat va ayollik fazilatlarini qadrlash tuyg‘ularini mustahkamladi. Bunday tadbirlar yosh avlodni Zulfiya kabi yuksak ma’naviyatli, ilmli va fidoyi insonlar izidan borishga undashi bilan ayniqsa ahamiyatlidir.
Salqin saharlarda, bodom gulida,
Binafsha labida, yerlarda bahor.
Qushlarning parvozi, yellarning nozi,
Baxmal vodiylarda, qirlarda bahor…
Qancha sevar eding, bag’rim, bahorni,
O’rik gullarining eding maftuni.
Har uyg’ongan kurtak hayot bergan kabi
Ko’zlaringga surtib o’parding uni.
Mana qimmatligim, yana bahor kelib,
Seni izlab yurdi, kezdi sarsari.
Qishning yoqasidan tutib so’radi seni,
Ul ham yosh to’kdi-yu, chekindi nari.
Seni izlar ekan, bo’lib shabboda,
Sen yurgan bog’larni qidirib chiqdi.
Yozib ko’rsatay deb husn-ko’rkini,
Yashil yaproqlarni qidirib chiqdi.
Topmay, sabri tugab bo’ron bo’ldi-yu,
Jarliklarga olib ketdi boshini.
Farhod tog’laridan daraging izlab,
Soylarga qulatdi tog’ning toshini.
Qirlarga ilk chiqqan qo’ychivonlardan
Qayda shoir, deya ayladi so’roq.
Barida sukunat, mayuslik ko’rib,
Horib-charchab keldi, toqatlari toq…
So’ngra jilo bo’lib kirdi yotog’imga,
Hulkar va Omonning o’pdi yuzidan.
Singib yosh kuydirgan zafar yonog’imga
Sekin xabar berdi menga o’zidan.
Lekin yotog’imda seni topolmay,
Bir nuqtada qoldi uzoq tikilib.
Yana el bo’ldi-yu, kezib sarsari,
Mendan so’ray ketdi qalbimni tilib:
«Qani men kelganda kulib qarshilab,
Qo’shig’i mavjlanib bir daryo oqqan?
«Baxtim bormi deya, yakkash so’roqlab»
Meni she’rga o’rab suqlanib boqqan?
O’rik gullariga to’nmaydi nega,
Elda hilpiratib jingala sochin?
Nega men keltirgan sho’x nashidaga
Peshvoz chiqmaydi u yozib qulochin?
Qanday ishqqa to’lib boqardi tongga,
Kamol toptirardi keng xayolimni.
Uning rangdor, jozib qo’shig’ida
Mudom ko’rar edim o’z jamolimni.
Qani o’sha kuychi, xayolchan yigit?
Nechun ko’zingda yosh, turib qolding lol.
Nechun qora libos, sochlaringda oq,
Nechun bu ko’klamda sen parishonhol?»
Qanday javob aytay, loldir tillarim.
Baridan tutdim-u, keldim qoshingga.
U ham g’aming bilan kezdi aftoda,
Boqib turolmayin qabring toshiga.
Alamda tutoqib daraxtga ko’chdi,
Kurtakni uyg’otib so’yladi g’amnok.
Sening yoding bilan elib beqaror,
Gullar g’unchasini etdi chok-chok.
Gulu rayhonlarning taraldi atri,
Samoni qopladi mayin bir qo’shiq.
Bu qo’shiq naqadar oshno, yaqin,
Naqadar hayotbaxsh, otashga to’liq.
Bahorga burkangan sen sevgan elda,
Ovozing yangradi jo’shqin, zabardast.
O’lmagan ekansan, jonim, sen hayot,
Men ham hali sensiz olmadim nafas.
Hijroning qalbimda, sozing qo’limda,
Hayotni kuylayman, chekinar alam,
Tunlar tushimdasan, kunduz yodimda,
Men hayot ekanman, hayotsan sen ham!

Русский
English